O’zbekistonda 2018 yilda soliqqa tortish masalalari: Soliq qo’mitasi sharhlari

Картинки по запросу налогообложениеSoliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning 2018 yil uchun tasdiqlangan stavkalari haqidagi ushbu axborot quyidagi qonun hujjatlariga asosan tayyorlandi:

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-454-son qonuni;

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-455-son qonuni;

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 yanvardagi “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-456-son qonuni;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-3454-son qarori.

A. O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-454-sonli Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar.

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-454-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi va ushbu Kodeksdan 12 ta modda (XIII, XVI1 bo‘limlar va 53-bob) chiqarib tashlandi.

Jumladan,

1. Foyda solig‘i va obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bitta soliq turiga – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘iga birlashtirilishi munosabati bilan, Soliq kodeksining 23, 30, 354, 363 va 376 moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, shuningdek, Soliq kodeksining XIII bo‘limi va 295, 296, 299 va 300-moddalari chiqarib tashlandi.

Soliq kodeksining 154-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari uchun qo‘shimcha ravishda sof foydadan undiriladigan soliq bekor qilindi, shuningdek, soliq solinadigan foydani aniqlashda foyda solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadi uchun soliq solinadigan foydaning eng kam summasi ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan xarajatlar summasining 10 foizidan 7 foiziga pasaytirildi.

2. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, yagona to‘lov turiga – davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirilishi hamda soliq solinadigan bazani aniqlashning yagona tartibi belgilanishi munosabati bilan Soliq kodeksining 23, 312, 313, 315-moddalariga va XV bo‘lim, 52-bob nomlanishiga o‘zgartirishlar kiritildi, shuningdek, ushbu Kodeksning XVI bo‘limi nomi va XVI1 bo‘limi, 53-bobi chiqarib tashlandi.

3. Soliq kodeksining 301, 302, 304-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq iste’mol maqsadidan qat’i nazar to‘lanishi belgilandi, bundan ixtisoslashtirilgan gaz ta’minoti korxonalari orqali aholining maishiy ehtiyojlari uchun sotiladigan suyultirilgan gaz hajmi mustasno. Shunga muvofiq, ushbu moddalarga, shuningdek, Soliq kodeksining 22, 80, 130, 204, 222, 355-moddalaridan va XIV bo‘limidan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliqning nomlanishidan “transport vositalariga” so‘zi chiqarib tashlandi.

4. Soliq kodeksining 121-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan jarima miqdorini 2 baravarga oshirishni nazarda tutadi.

5. Soliq kodeksining 145-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalar foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda chegirilishi lozim bo‘lgan xarajatlar ro‘yxati kengaytirilishini belgilaydi, shunga muvofiq, tegishli xarajatlar Soliq kodeksining 147-moddasida nazarda tutilgan chegirilmaydigan xarajatlar tarkibidan chiqarib tashlandi.

Avval chegirilmaydigan xarajatlar hisoblangan yuridik shaxslarning quyidagi xarajatlari 2018 yil 1 yanvardan boshlab, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazani aniqlashda chegiriladigan xarajatlarga kiritiladi:

yordamchi xo‘jaliklar tomonidan ishlab chiqariladigan va soliq to‘lovchining umumiy ovqatlanish ehtiyojlari uchun beriladigan tovarlarning narxlaridagi farqlar (zararlar);

nodavlat pensiya jamg‘armalariga ajratmalar;

xo‘jalik boshqaruvi organini saqlab turish uchun ajratmalar;

pensiyaga chiqayotgan mehnat faxriylariga biryo‘la to‘lanadigan nafaqalar;

soliq to‘lovchining faoliyatida talab etilmaydigan kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash xarajatlari;

ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan sog‘liqni saqlash va dam olishni tashkil qilish tadbirlariga xarajatlar;

shaharlar va shaharchalarni obodonlashtirish ishlarini bajarish xarajatlari;

ishonchli boshqaruvchilar xizmatlarining qiymatini to‘lashga doir xarajatlar;

ishlatib kelinayotgan to‘liq eskirgan asbob-uskuna uchun to‘lanadigan haq.

6. Soliq kodeksining 146-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar mazkur modda birinchi qismining 1-3 – bandlarida ko‘rsatilgan alohida xarajatlarning joriy hisobot davrida agar yuridik shaxsning hisob siyosati bilan belgilangan bo‘lsa, ular yuzaga kelgan paytda ham chegirilishi mumkinligini aniqlashtiradi. Bunday xarajatlarga quyidagi:

yangi ishlab chiqarishlar, sexlar, agregatlarni, shuningdek seriyali va ommaviy ishlab chiqariladigan yangi mahsulot turlarini hamda texnologik jarayonlarni o‘zlashtirish xarajatlari;

barcha turdagi asbob-uskunalar va texnik qurilmalarni, ularning o‘rnatilish sifatini tekshirib ko‘rish maqsadida kompleks sinab ko‘rish (ishlab turgan holatida) xarajatlari;

ishchi kuchlari qabul qilish va yangi ishga tushirilgan korxonada ishlash uchun kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar kiradi.

7. Soliq kodeksining 156, 179, 356-moddalaridagi tartibning chiqarib tashlanishi 2018 yil 1 apreldan boshlab, dividendlar tariqasida olingan va qaysi yuridik shaxsdan olingan bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxsning ustav fondiga yo‘naltirilgan daromadlaridan tegishliligicha foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishini nazarda tutadi.

8. Soliq kodeksining 208-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish ayrim turdagi tovarlar, ishlar va xizmatlarga oid qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishini nazarda tutadi.

9. Soliq kodeksining 211-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan, tadbirkorlik faoliyati doirasida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan yog‘och-taxta materiallari va yog‘ochga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilindi. Bunda, ushbu imtiyoz yuridik shaxslar uchun saqlanib qolindi.

10. Davlat soliq xizmati organlari va Moliya vazirligi tomonidan nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinadigan oborot hisobidan hosil bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha summasini qaytarish yuzasidan hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonini qisqartirish, shuningdek, soliq to‘lovchilarga ariza va kerakli hujjatlarni soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etish huquqini berish maqsadida Soliq kodeksining 228-moddasiga o‘zgartirish kiritildi.

11. Soliq kodeksining 261-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari tomonidan qayta quyiladigan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazasini kamaytirishni nazarda tutadi.

12. Soliq kodeksining 265, 266, 267, 268, 269 va 271-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘char mulkni yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning soliq solish obyektidan chiqarib tashlashni nazarda tutadi, bunda, ko‘chmas mulk, shu jumladan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo‘yicha olingan ko‘chmas mulk, tugallanmagan qurilish obyektlari va belgilangan muddatda ishga tushirilmagan asbob-uskunalar soliq solish obyekti hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiradigan yoki oshirmaydigan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidagi egaligida bo‘lgan ko‘chmas mulk soliq solish obyekti hisoblanadi.

13. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga kadastr qiymatidan kelib chiqib soliq solinishini belgilash maqsadida Soliq kodeksining 176, 274 va 277-moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

14. Soliq kodeksining 285 va 286-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i hisob-kitoblarini taqdim etish va to‘lash muddatlari o‘zgarganligini nazarda tutadi. Bunda, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash har oyning 10-kuniga qadar yer solig‘i summasining o‘n ikkidan bir qismi miqdorida amalga oshirilishi bilan birgalikda yer solig‘ining hisob-kitobi hisobot yilining 10 yanvariga qadar taqdim etilishi belgilandi.

15. Jismoniy shaxslarga yer solig‘i bo‘yicha majburiyatlar yer uchastkalari ajratilgan vaqtdan boshlab (yer uchastkasi berilgan oydan keyingi oydan boshlab) yuzaga kelishini nazarda tutuvchi tartibni belgilash maqsadida Soliq kodeksining 290-moddasiga jismoniy shaxslarga yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun taqdim etilgan yer uchastkalari bo‘yicha yer uchastkasi berilgan oydan keyingi oydan e’tiboran 2 yil muddatga beriladigan imtiyozni bekor qilish bilan bog‘liq tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktyabrdagi PQ-3318-son qarori bilan tasdiqlangan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning ekin maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturining 3-bandiga muvofiq, yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmagan yoki uni obodonlashtirilmagan hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uch barobar miqdorda yer solig‘i to‘lanishi munosabati bilan Soliq kodeksining 291-moddasiga qo‘shimcha kiritildi.

17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5242-sonli Farmonida belgilangan normalarni ijro etish maqsadida, Soliq kodeksining 311-moddasiga sug‘urta badalini:

qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandchilik subyektlari – “Hunarmand” uyushmasining a’zolari tomonidan – o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida to‘lash tartibini;

“Usta-shogird” maktabi o‘quvchilari tomonidan ularning 25 yoshga to‘lguniga qadar bo‘lgan ish davrida – yiliga eng kam oylik ish haqining 2,5 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lash tartibini nazarda tutuvchi normalar kiritildi. Belgilangan miqdordagi sug‘urta badallarining to‘lanishi mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.

Bunda, yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik subyektlari – “Hunarmand” uyushmasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badalini to‘lashdan ozod etiladi.

18. Soliq kodeksining 349-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida belgilangan chegaraviy miqdordan ortiq maydoni bo‘lgan yer uchastkalariga ega yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari uchun yer solig‘ini to‘lash majburiyatini kiritishni nazarda tutadi.

19. Tayyorlov tashkilotlari uchun ulgurji savdo korxonalari kabi tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushum deb tovar oboroti hisoblanishini nazarda tutuvchi yagona soliq to‘lovi bo‘yicha yagona soliq solish obyektini belgilash maqsadida Soliq kodeksining 355-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritildi.

20. Soliq kodeksining 372 va 375-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qat’iy belgilangan soliqni oyning 10-sanasidan kechiktirmay to‘lash muddatini belgilashni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan, yuridik shaxslar tomonidan ushbu soliq bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etish muddatlari ham o‘zgardi.

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5270-son Farmonining 7-bandiga muvofiq, Soliq kodeksining 3741-moddasiga I va II guruh nogironlari bo‘lgan xodimlar bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan qat’iy belgilangan soliqni – eng kam oylik ish haqining 15 foiz miqdorida to‘lashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.

22. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, viloyat, tuman va shahar hokimi vakolatlariga qonun hujjatlarida belgilanadigan alohida soliqlar bo‘yicha belgilangan stavkalarga hududlarning hamda faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda pasaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritish huquqi berildi.

B. O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-455-son Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunlariga, shuningdek Fuqarolik va Soliq kodekslariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar.

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-455-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunining 27 ta moddasiga, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 26-moddasiga, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunining 2 ta moddasiga va Soliq kodeksining 23 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan:

1. Soliq kodeksining 22, 67-moddalariga kiritilgan qo‘shimcha va yangi to‘ldirilgan “Soliq monitoringi” nomli 121-bob insofli soliq to‘lovchilarga soliq solishning joriy masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda, davlat soliq xizmati organlari va insofli soliq to‘lovchilar o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq monitoringini joriy etilishini belgilaydi.

Soliq kodeksining to‘ldirilayotgan 761-moddasiga asosan, soliq monitoringi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra eng kam ish haqining yetmish ming baravari miqdoridan ortiqni tashkil etgan soliq to‘lovchiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.

Soliq monitoringi soliq to‘lovchining keyingi yilda soliq monitoringida ishtirok etish to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha amalga oshiriladi, bunda soliq to‘lovchi tomonidan ariza soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga joriy yilning 1 iyulidan kechiktirmasdan yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etiladi.

Soliq kodeksining 762-moddasi bilan, soliq monitoringini amalga oshirishda davlat soliq xizmati organi soliq to‘lovchidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq zarur hujjatlar, ma’lumotlar, tushuntirishlarni talab qilib olishga haqliligi hamda talab qilib olinadigan hujjatlar, ma’lumotlar va tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda taqdim etilishi kerakligi belgilangan.

Soliq kodeksining to‘ldirilayotgan 763-moddasi bilan davlat soliq xizmati organining asoslantirilgan fikrini soliq to‘lovchiga yuborish, shuningdek, soliq to‘lovchiga davlat soliq xizmati organlariga asoslantirilgan fikrni taqdim etish to‘g‘risida o‘zining fikrini ifodalagan holda so‘rov yuborish huquqlarini berish bo‘yicha tartib joriy etilmoqda.

Davlat soliq xizmati organining asoslantirilgan fikri deganda soliq to‘lovchi tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi masalalari yuzasidan davlat soliq xizmati organining fikrini aks ettiruvchi hujjat tushuniladi.

Shuningdek, agar soliq to‘lovchi tomonidan soliq organlarining asoslantirilgan fikri yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga e’tirozlar taqdim etilgan taqdirda, birgalikda muhokama qilish jarayonini boshlash va o‘zaro kelishuv tuzish bo‘yicha tartib belgilanmoqda.

Soliq kodeksining 765-moddasi soliq monitoringi qaysi hollarda muddatidan oldin to‘xtatilishini nazarda tutadi.

2. Soliq kodeksining 70 va 91-moddalariga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, soliq monitoringi amalga oshiriladigan soliq davri uchun kameral nazorat va moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha rejali tekshiruvlar o‘tkazilmasligi belgilandi, bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno.

3. Soliq to‘lovchi tomonidan aniqlangan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilmagan taqdirda, kameral nazorat natijasi bo‘yicha aniqlangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni sud tartibida undirishni joriy etish maqsadida Soliq kodeksining 70-moddasiga tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

4. Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan insofli soliq to‘lovchilar hisoblangan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan soliq ta’tillarining qo‘llanilish tartibini joriy etish uchun Soliq kodeksining 54, 55 va 354-moddalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash:

soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish hisobidan soliq ta’tillari tarzida beriladi va bunda soliq to‘lovchiga to‘lashi kerak bo‘lgan tegishli soliq to‘lovlarini ma’lum bir muddat davomida kamaytirish va keyinchalik to‘lash imkoniyati taqdim etiladi;

soliq qarzini bir yo‘la yoki bosqichma-bosqich to‘lagan holda to‘lash muddatini keyinroq muddatga ko‘chirish tarzida beriladi.

Soliq ta’tillari:

vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan insofli soliq to‘lovchilarga – soliq ta’tili berish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga beriladi;

yagona soliq to‘lovini to‘lovchilarga, bundan Soliq kodeksi 350-moddasi birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar mustasno, yagona soliq to‘lovini to‘lash bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan e’tiboran bir yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Bunda, insofli soliq to‘lovchilarga oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib kelgan soliq to‘lovchilar kiradi.

5. Fuqarolik kodeksining 26-moddasiga, Soliq kodeksining 62-moddasiga va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1, 3, 5, 8, 11, 17, 18, 28, 36, 37, 38, 39, 128, 145, 147, 150, 174, 175, 176, 177, 178, 179, 180, 181, 183, 184 va 188-moddalariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, qarzdorlar – avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir bo‘lmagan, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga nisbatan bankrotlik tartib-taomillarini belgilashga yo‘naltirilgan.

6. Internet tarmog‘ida savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida soliq nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida, Soliq kodeksining 84-moddasiga va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, shuningdek, ushbu Qonun yangi “Elektron tijorat sohasida hisob-kitoblar” 111-moddasi bilan to‘ldirildi.

7. Soliq kodeksining yangi to‘ldirilgan 222-moddasi va ushbu Kodeksning 45-moddasiga qo‘shimcha “yirik soliq to‘lovchilar” toifasiga kiruvchi xo‘jalik subyektlarining mezonini belgilashga yo‘naltirilgan.

Yirik soliq to‘lovchilar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan mezonlardan kelib chiqqan holda, soliq ma’muriyatchiligiga mansub bo‘ladigan ayrim toifadagi yuridik shaxslardir. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha mezonlar soliq to‘lovchilarga soliq solish tartibini tanlash yoki o‘zgartirish huquqini bermaydi.

Yirik soliq to‘lovchilar jumlasiga kiritilgan yuridik shaxslar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida bu haqda hisobga qo‘yilgan joy bo‘yicha yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.

8. Soliq kodeksining 57, 58, 155-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini qaytarish soliq to‘lovchilar tomonidan vakolatli organlarga murojaat qilingan sanadan e’tiboran 15 ish kuni ichida amalga oshirilishi tartibini belgilashni nazarda tutadi.

Shuningdek, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi va Soliq kodeksining 56-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar, davlat soliq xizmati organi soliq to‘lovchi tomonidan yozma ariza berilgan sanadan e’tiboran uch ish kuni ichida moliya organlariga hisobga olishni amalga oshirish to‘g‘risida xulosa taqdim etishi majburiyatini, shuningdek mustaqil ravishda ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olinganligi to‘g‘risida soliq to‘lovchini xabardor qilishning muddatini aniqlashtirishni nazarda tutadi.

9. Soliq kodeksining 67-moddasiga qo‘shimcha kiritildi va kodeks yangi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring” 711modda bilan to‘ldirildi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring xo‘jalik yurituvchi subyektlarning soliq solinadigan bazani aniqlashtirish maqsadida xodimlarning hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligini aniqlash uchun amalga oshiriladi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan joylarga chiqqan holda, soliq to‘lovchi foydalanadigan obyektlarda va hududlarda soliq to‘lovchining mansabdor shaxslari yoki ularning vakillari ishtirokida, mavjud xodimlarning sonini birma-bir sanab chiqish hamda ma’lumotnoma bilan rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan kameral nazorat natijalariga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda ish haqi fondi, shuningdek xodimlar soni kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar yoki nomutanosibliklar mavjudligi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;

vazirliklar va idoralarning davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq ma’lumotlarida va hisobotlarida ko‘rsatilgan xodimlar soni o‘rtasida farqlarning mavjudligi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan amalga oshiriladigan monitoring to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobiga kiritilmaydi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshiruvchi xodimlar tomonidan soliq to‘lovchidan boshqa axborot yoki tushuntirishlar talab qilishga yoxud uning moliya-xo‘jalik faoliyatiga boshqacha shaklda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoring natijalari bo‘yicha u amalga oshirilgan kuni davlat soliq xizmati organining mas’ul xodimi tomonidan ma’lumotnoma tuziladi. Ma’lumotnoma soliq to‘lovchining mansabdor shaxsi yoki monitoring jarayonida bevosita ishtirok etgan vakili ishtirokida tuziladi va bir nusxasi ularga topshiriladi.

Monitoring natijalaridan faqat xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligini amalga oshirishda, shuningdek soliq solinadigan bazani aniqlashda foydalaniladi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng belgilangan tartibda soliq to‘lovchilarga yetkaziladi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2796-sonli qarori ijrosi yuzasidan, Soliq kodeksining 348-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llaydigan, qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari – yuridik shaxslar investitsiya loyihasi amalga oshirilmaganligi to‘g‘risida xulosani berishga haqli bo‘lgan vakolatli organning xulosasi chiqarilganidan keyingi oydan e’tiboran umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishini belgilaydi.

V. O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 yanvardagi “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-456-sonli Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 yanvardagi “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-456-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 11 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan,

1. Soliq kodeksining 84, 271, 283, 349-moddalariga kiritilgan qo‘shimchalar tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ajratilgan yer uchastkalarida obyektlar qurilishi loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda, qurilishning normativ muddati belgilanmagan taqdirda esa qurilish boshlanganidan e’tiboran yigirma to‘rt oy ichida tugallanmaganda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i soliq solinadigan bazadan kelib chiqib, belgilangan stavkaning uch baravari miqdorida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari axboroti asosida hisoblab chiqarilishini nazarda tutmoqda, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Bunda, ushbu tartib qurilishi tugallangan obyektlarda tovarlar ishlab chiqarishni va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha olingan majburiyatlarni o‘n ikki oy ichida bajarmagan tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek ushbu qismda ko‘rsatilgan obyektlarni olgan egalarga nisbatan ham tatbiq etiladi. Obyektlar qurilishining boshlanish va tugallanish muddatlarini hisoblab chiqarish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

Shuningdek, yuqorida qayd qilingan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini belgilangan stavkaning uch baravari miqdorida to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari tomonidan aniqlangan obyektlar va yer uchastka maydonlari bo‘yicha soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi.

2. Soliq kodeksining 130, 204, 355-moddalariga kiritilgan qo‘shimchalar o‘zi ishlab chiqargan tovarlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan narxlar bo‘yicha, shu jumladan tannarxidan past narxlar bo‘yicha eksport qilish masalalarini ko‘rib chiquvchi maxsus vakolatli organning qarorlari asosida ushbu tovarlarning tannarxidan past narxlar bo‘yicha xorijiy valyutaga eksport qilinganda, soliq solish maqsadida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi bo‘yicha tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum, shuningdek qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan baza tovarlarni realizatsiya qilishning haqiqiy bahosidan kelib chiqqan holda aniqlanishi tartibini belgilashga yo‘naltirilgan.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 75-bandi ijrosi yuzasidan Soliq kodeksining 338-moddasiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mol-mulkning alohida toifalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat bojini hisoblab chiqarishning boshqacha tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.

Bunda, Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan qiymati eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdordagi ko‘chmas mol-mulk sotib olinganda davlat boji shartnoma summasining 5 foizi miqdorida;

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelgan va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 600 mln. so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordagi yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulk sotib olinganda davlat boji shartnoma summasining 10 foizi miqdorida belgilangan.

Bunda, yuqoridagi miqdorlarda davlat boji to‘lab sotib olingan mol-mulkni xarid qilingan kundan boshlab uch yil mobaynida oldi-sotdi, almashtirish va hadya qilish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

G. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-3454-sonli qarorida nazarda tutilgan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar.

I. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha

1. 2018 yil 1 yanvardan boshlab, foyda solig‘i va obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ining birlashtirilishi munosabati bilan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining yagona stavkalari belgilanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 7-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 2017 yilda amalda bo‘lgan 15,5 foiz (foyda solig‘i – 7.5% hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i – 8%) o‘rniga 14 foiz miqdorida belgilandi.

Tijorat banklari uchun soliq stavkasi 2017 yilda amalda bo‘lgan 23 foiz (foyda solig‘i – 15 % hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i – 8%) o‘rniga 22 foiz miqdorida belgilandi.

Bunda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i yoki obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan to‘liq ozod qilish tarzidagi vaqtinchalik imtiyozlarga ega bo‘lgan korxonalar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini imtiyoz muddati tugagunga qadar ikki barobar pasaytirilgan stavka bo‘yicha to‘laydilar.

2. Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun foyda solig‘i stavkalari rentabellik darajasidan kelib chiqib:

rentabellik darajasi 20 foizgacha – 14 foiz miqdorida;

rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori bo‘lgan foyda summasiga – 50 foiz miqdorida belgilandi.

Rentabellik foyda solig‘ini to‘lagunga qadar foyda summasining sotilgan mahsulot (tovarlar, ishlar va xizmatlar)ning ishlab chiqarish tannarxiga nisbati sifatida aniqlanadi. Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun foyda solig‘ining hisoblanishi va to‘lanishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga dividendlar va foizlar tarzida to‘lanadigan daromadlarga soliq stavkasi 10 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

II. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarining uchinchi va to‘rtinchi shkalasi 2018 yil 1 yanvardan boshlab 0,5 foizli punktga pasaytirildi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 8-ilovasiga muvofiq quyidagi miqdorlarda tasdiqlandi:

Soliq solinadigan daromad

Soliq stavkasi

eng kam ish haqining bir baravarigacha miqdorda

daromad summasining 0 foizi

eng kam ish haqining bir baravaridan
(+1 so‘m) besh baravarigacha miqdorda

daromad summasining 7,5 foizi

eng kam ish haqining besh baravaridan
(+ 1 so‘m) o‘n baravarigacha miqdorda

besh baravar miqdordan soliq + eng kam ish haqi miqdorining besh baravaridan oshadigan summaning 16,5 foizi

eng kam ish haqining o‘n baravaridan (+ 1 so‘m) va undan yuqori miqdorda

o‘n baravar miqdordan soliq + eng kam ish haqi miqdorining o‘n baravaridan oshadigan summaning 22,5 foizi

Bunda, soliq solinadigan daromadlar guruhlari bo‘yicha soliq solish shkalasi yil boshiga – 2018 yil 1 yanvarga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasini hisoblab chiqarish maqsadida, eng kam ish haqi miqdori yil boshidan ortib boruvchi yakun bilan hisobga olinadi (yil boshidan boshlab tegishli davrning har bir oyi uchun eng kam ish haqining jami summasi).

Belgilangan stavkalardan kelib chiqib hisoblangan, byudjetga to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan daromadlaridan “0” stavka bo‘yicha soliq solinadigan daromadni (eng kam ish haqini) chegirgan holda 2 foiz miqdorida hisoblab chiqariladigan har oylik majburiy badallar summasiga kamaytiriladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq eng kam stavka bo‘yicha soliq solinadigan jismoniy shaxslarning alohida daromad turlarini soliqqa tortish maqsadida eng kam stavka 7,5 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

III. Yagona soliq to‘lovi bo‘yicha

1. Yagona soliq to‘lovining stavkalari mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun (savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 9-1-ilovasiga muvofiq, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, shu jumladan, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun 9-2-ilovasiga muvofiq hamda ayrim toifadagi korxonalar uchun 9-3-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foiz miqdorida belgilandi, bundan 9-1-ilovaning 2-7-bandlarida nazarda tutilganlar mustasno.

2. Bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (bojxona brokerlari) uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2017 yil darajasida 5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

3. Konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan norezidentlarni) jalb etish yo‘li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromad oluvchi yuridik shaxslar, shuningdek lombardlar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2017 yil darajasida soliq solinadigan bazaga nisbatan 30 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

4. Quyidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun:

brokerlik idoralari (qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiradiganlar bundan mustasno) hisoblanadigan, shuningdek vositachilik, topshiriq shartnomasi va vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishga doir boshqa shartnomalar bo‘yicha vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 33 foiz miqdorida saqlanib qolindi;

qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 13 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Bunda, ushbu bandda ko‘rsatilgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun soliq solinadigan baza haq summasi (yalpi daromad) ko‘rinishida aniqlanadi.

5. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini realizatsiya qilish uchun turg‘un savdo shoxobchalarini ijaraga berishga ixtisoslashgan (ijaraga berishdan olinadigan daromad 60 foizdan yuqori bo‘lgan) yuridik shaxslar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2017 yil darajasida soliq solinadigan bazaga nisbatan 30 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

6. 2018 yil 1 yanvardan boshlab tayyorlov tashkilotlari faoliyati ulgurji savdoga tenglashtiriladi va ularga nisbatan ulgurji savdo korxonalari uchun belgilangan soliq solish tartibi tatbiq etiladi.

Bunda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish, saralash, saqlash va qadoqlash faoliyati amalga oshiruvchi tayyorlov tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 2017 yilda belgilangan 33 foiz o‘rniga 4 foiz miqdorida belgilandi.

7. Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 10 foiz, umumta’lim maktablari, maktab-internatlar, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari uchun esa – soliq solinadigan bazaga nisbatan 8 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

8. Quyidagi joylarda joylashgan chakana savdo korxonalari uchun (bundan ulgurji, shuningdek ulgurji-chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi savdo korxonalar hamda ulgurji va chakana dorixona tashkilotlari mustasno):

aholi soni 100 ming va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda – yagona soliq to‘lovi stavkasi 4 foiz miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – yagona soliq to‘lovi stavkasi 2 foiz miqdorida;

borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda – yagona soliq to‘lovi stavkasi 1 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

9. Faoliyatni yuritish joyidan qat’i nazar benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gaz, shuningdek alkogolli va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi chakana savdo korxonalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2017 yil darajasida tovar oborotiga nisbatan 4 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

10. 2018 yil 1 yanvardan boshlab notijorat tashkilotlariga xodimlar sonidan qat’i nazar tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar qismida yagona soliq to‘lovini mikrofirma va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan tartibda to‘lash huquqi berildi.

11. Ulgurji, shuningdek ulgurji-chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi savdo korxonalari uchun (ulgurji va chakana dorixona tashkilotlari bundan mustasno) yagona soliq to‘lovi stavkasi 2017 yil darajasida 5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

12. Ulgurji va chakana dorixona tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi joylashgan joyiga qarab quyidagicha belgilandi:

aholisi soni 100 ming va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda – 3 foiz miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – 2 foiz miqdorida;

borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda – 1 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

13. Aholi punktlarini borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlari tarkibiga kiritish “Aholi punktlarini borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlar tarkibiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga (Adliya vazirligi tomonidan 2008 yil 11 noyabrda 1868-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) muvofiq amalga oshiriladi.

14. Chakana savdo korxonalari mustaqil yuridik shaxs hisoblanmaydigan va turli aholi punktlarida joylashgan, ular bo‘yicha yagona soliq to‘lovining turli stavkalari belgilangan bir nechta savdo shoxobchalariga ega bo‘lsa, ular tomonidan har bir savdo shoxobchasi bo‘yicha tovar aylanmasining alohida-alohida hisobini yuritish hamda mazkur aholi punktlari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lash tartibi saqlanib qolindi.

15. Yagona soliq to‘lovining barcha to‘lovchilari uchun (chakana savdo korxonalari bundan mustasno) yagona soliq to‘lovining eng kam miqdorini hisoblashda yagona baza etib, ular egallab turgan yer uchastkasi maydonidan kelib chiqib hisoblanadigan yer solig‘ining uch karra miqdoridagi summani belgilash tartibi saqlanib qolindi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Bunda, chakana savdo korxonalari uchun aynan shu turdagi faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan qat’iy belgilangan soliq summasidan kelib chiqib yagona soliq to‘lovining eng kam miqdorini hisoblash tartibi saqlanib qolindi.

16. 2018 yil 1 yanvardan boshlab umumiy maydoni 1 gektardan ortiq yer uchastkalariga ega bo‘lgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilari uchun barcha yer maydonidan yer solig‘ini to‘lash majburiyati kiritilishi bilan birgalikda ularga yagona soliq to‘lovining eng kam miqdorini inobatga olgan holda yagona soliq to‘lovini hisoblash va to‘lash tartibi bekor qilinadi.

Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilari tomonidan yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingandan so‘ng soliq to‘lovchilarga belgilangan tartibda yetkaziladi.

17. Lotereyalar tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar (mazkur faoliyat turi doirasida) uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 33 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

IV. Qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha

1. Yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq stavkalari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 10 va 11-ilovalariga muvofiq tasdiqlandi.

2. 2018 yil 1 yanvardan boshlab, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliqning: Toshkent shahri; Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlar; boshqa shaharlar; boshqa aholi punktlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalari joriy etildi.

3. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari (dehqon (oziq-ovqat) bozorlari avtoturargohlarida avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylaridan tashqari):

Toshkent shahrida – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,1 baravari miqdorida;

Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,06 baravari miqdorida;

boshqa shaharlarda – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,05 baravari miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,04 baravari miqdorida belgilandi.

Yuridik va jismoniy shaxslardan bolalar o‘yin avtomatlari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari:

Toshkent shahrida – jihozlangan o‘rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 3,0 baravari miqdorida;

Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda – jihozlangan o‘rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 2,0 baravari miqdorida;

boshqa shaharlarda – jihozlangan o‘rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 1,5 baravari miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – jihozlangan o‘rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 1,0 baravari miqdorida belgilandi.

4. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq stavkalari 2018 yilda quyidagicha belgilandi.

T/r

Faoliyat turi

Qat’iy belgilangan soliqning bir oydagi stavkasi (eng kam ish haqiga karrali miqdorlarda)

Toshkent shahri

Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlar

boshqa shaharlar

boshqa aholi punktlari

1

Chakana savdo:

        

oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan

7,0                       

5,0                       

3,0                    

2,5                               

dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan                                                              

3,5

2,5

2,0

1,5

gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan                                                                                       

3,5

2,0

1,5

0,5

2

Maishiy xizmatlar

2,5

1,5

1,0

0,5

3

O‘z mahsulotini ishlab chiqarish va sotish, shu jumladan, milliy shirinliklar va non-bulka mahsulotlarini tayyorlash va sotish, shuningdek uy sharoitlarida yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan maxsus ajratilgan joylarda o‘tirish joylari tashkil qilmasdan donalab sotiladigan ovqatlarning ayrim turlarini tayyorlash va sotish

2,0

1,5

1,0

0,5

4

Boshqa faoliyat turlari

2,0

1,5

1,0

0,5

5

Avtomobil transportida yuk tashish xizmatlari:

       

3 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun                                                                                                                      

1,5                                                                                  

8 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun

2,0

12 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun

3,0

12 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun

3,5

           

 

5. Qat’iy belgilangan soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi yil boshiga – 2018 yil 1 yanvar holatiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham qayta ko‘rib chiqilmaslik tartibi saqlanib qolindi.

6. 2018 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qat’i nazar, I va II guruh nogironlari hisoblangan jismoniy shaxslar qat’iy belgilangan soliqni oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida to‘laydilar.

V. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

VI. Aksiz solig‘i bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 12-1 va 12-2-ilovalariga muvofiq tasdiqlandi.

VII. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha

1. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 13-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

2. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari yuridik shaxslari (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 13-ilovasining 2 – 4-bandlarida ko‘rsatilganlaridan tashqari), dehqon xo‘jaliklari (yuridik va jismoniy shaxslar), shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida suv resurslaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar uchun 1 kub. metr yer usti suv manbalari uchun 98,2 so‘m va yer osti suv manbalari uchun 124,8 so‘m miqdorida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lashlari belgilandi.

Alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarishda foydalangan suv hajmlarining 1 kub. metri uchun 15 870 so‘m miqdorida hamda boshqa maqsadlar uchun 1 kub. metr yer usti suv manbalari uchun 98,2 so‘m va yer osti suv manbalari uchun 124,8 so‘m miqdorida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lashlari belgilandi.

Bunda mazkur tashkilotlar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni soliq solish tartibidan (umumbelgilangan yoki soddalashtirilgan soliq solish tartibi) qat’i nazar to‘laydilar.

VIII. Er qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliq va maxsus to‘lovlar

a) er qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 14-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2017 yilda amal qilgan stavkalar darajasida saqlanib qolindi.

b) bonuslar bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 15-1-ilovasiga asosan imzoli bonus stavkalari, 15-2-ilovasiga muvofiq esa tijoratbop topilma bonusi stavkalari tasdiqlangan.

2018 yil uchun:

– foydali qazilmalarni razvedka qilish va qidirish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun eng kam ish haqining 100 dan 10 000 baravarigacha miqdorda belgilangan imzoli bonusning eng kam stavkalari;

– tijoratbop topilma bonusi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 0,1 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

v) qo‘shimcha foyda solig‘i bo‘yicha

qo‘shimcha foyda solig‘i stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 16-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi va 2017 yil darajasida saqlanib qolindi.

2018 yil 1 yanvardan boshlab, katodli mis, tabiiy gaz, polietilen granulalar, sement va klinker bo‘yicha qo‘shimcha foyda solig‘i soliq solinadigan bazasining hisob-kitob narxlari indeksatsiya qilindi.

2017 yil sentabr-dekabr oylari davrida katodli mis va tabiiy gaz bo‘yicha qo‘shimcha foyda solig‘ini hisoblash uchun soliq solinadigan bazaning miqdori (qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘isiz) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-5284-son Farmoni bilan belgilangan normalar asosida hisoblab chiqarilishi belgilangan.

IX. Mol-mulk solig‘i bo‘yicha

1. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 17-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan.

Mol-mulk solig‘ining bazaviy stavkasi 2017 yil darajasida 5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Belgilangan muddatlarda o‘rnatilmagan uskunalar va normativ muddatda tugallanmagan qurilish obyektlari uchun, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulk solig‘i ikki baravar stavkada to‘lanadi.

2. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 18-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan.

3. 2018 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari mol-mulkning kadastr qiymatidan belgilandi (2017 yilda mol-mulkning inventarizatsiya qiymatidan):

turar joylar, kvartiralar, dala hovli qurilmalari (umumiy maydoni 200 kv.m dan oshiq bo‘lganlari bundan mustasno), boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun 0,2 foiz miqdorida (2017 yilda 1,7%);

shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.metrdan 500 kv.metrgacha bo‘lgan turar joy va kvartiralarga 0,25 foiz miqdorida (2017 yilda 2,1%);

maydoni 500 kv.metrdan oshiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 0,35 foiz miqdorida (2017 yilda 2.9%);

boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan oshiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar, dala hovli qurilmalari uchun 0,25 foiz miqdorida (2017 yilda 2.1%) belgilandi.

Bunda, soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkining kadastr qiymatini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng belgilangan tartibda soliq to‘lovchilarga yetkaziladi.

4. 2018 yil 1 yanvardan boshlab:

jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish maqsadida mol-mulkning kadastr qiymati kadastr hujjatlaridan kelib chiqib, biroq 42 000,0 ming so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordan kelib chiqib hisoblanadi;

jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo‘yicha organlar belgilagan kadastr qiymati bo‘lmasa, soliq undirish uchun Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek viloyat markazlarida 210 000,0 ming so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 90 000,0 ming so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati belgilandi;

mol-mulkka kadastr qiymatidan kelib chiqib soliq solishga o‘tgandan keyin soliq yukining keskin o‘sishini oldini olish maqsadida, kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi 2017 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,2 baravardan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklariga tegishli Xalq deputatlari kengashi bilan kelishib hududlarning hamda faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha belgilangan stavkalarga 0,7 dan 1,3 gacha pasaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqi berildi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning shartli qiymatining ikki baravaridan kelib chiqqan holda undiriladi.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon umumiy maydonning 60 kv.m hajmida belgilanadi.

X. Yer solig‘i bo‘yicha

1. Yer solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 19-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Yer solig‘i stavkalari 2018 yilda 1,15 baravarga indeksatsiya qilindi.

7 va 8-jadvallarida keltirilgan stavkalarga yer uchastkalari joylashgan joyidan kelib chiqib, quyidagi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi: Toshkent shahri atrofida 20 km radiusda – 1,30, Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti va viloyat markazlari atrofida 15 km radiusda – 1,20, tuman markazlari atrofida 10 km radiusda – 1,15 va boshqa shaharlar atrofida 5 km radiusda – 1,10.

Yer uchastkalarigacha bo‘lgan masofa avtomobil yo‘llari bo‘yicha shaharlar va tuman markazlarining ma’muriy chegaralaridan boshlab belgilanadi. Agar yer uchastkasi ikki shahar yaqinida joylashgan bo‘lsa, shaharning yuqoriroq funksional vazifasiga muvofiq keladigan koeffitsiyent qo‘llaniladi. 1 va 2-bandlarda ko‘rsatilgan koeffitsiyentlarning qo‘llanilishi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish ishlarini amalga oshiruvchi tegishli davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim etiladigan axborotga asosan amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan soliq yuridik shaxslar uchun tasdiqlangan stavkalar bo‘yicha undiriladi.

Ko‘p kvartirali uylarda joylashgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer solig‘i yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning yer maydonini qavatlar soniga bo‘lgan holda hisoblab chiqariladi.

2. Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab chiqarishda 5 va 6-jadvallarda keltirilgan bazaviy stavkalar belgilangan normativlar doirasida yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanadi, belgilangan normativlardan yuqori yer uchastkalari uchun bazaviy stavkalarga esa oshiruvchi koeffitsiyent – 1,5 qo‘llanadi.

Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida yer uchastkalarining quyidagi normativlari qo‘llanadi:

Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar – 0,06 ga;

boshqa aholi punktlari (dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno) – 0,1 ga.

3. Tugallanmagan qurilish obyektlari egallagan yer uchastkalariga agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, yer solig‘i ikki baravar stavkada to‘lanadi.

XI. Yagona yer solig‘i bo‘yicha

Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer solig‘i stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 20-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchi yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun yagona yer solig‘i stavkasi yerlarning normativ qiymatiga nisbatan 0,95 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Bunda har bir xo‘jalik bo‘yicha qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining “O‘zdaverloyiha” O‘zbekiston davlat ilmiy-loyiha instituti tomonidan belgilanadi.

XII. Mahalliy soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 21-ilovasiga muvofiq, 2018 yilda mahalliy soliqlar va yig‘imlarning eng yuqori stavkalari quyidagicha belgilandi:

1. Benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkalari quyidagicha belgilandi:

– benzin yoqilg‘isi – 1 litr uchun 232,5 so‘m / 1 tonnaga 308 850 so‘m;

– dizel yoqilg‘isi – 1 litr uchun 232,5 so‘m / 1 tonnaga 282 500 so‘m;

– suyultirilgan gaz – 1 litr uchun 230 so‘m/ 1 tonnaga 436 300 so‘m;

– siqilgan gaz – 1 kub metr uchun 305 so‘m.

Bunda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni realizatsiya qilishda benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ishlatganlik uchun olinadigan soliq 1 litr hisobida, boshqa hollarda esa 1 tonna hisobida hisoblab chiqariladi.

2. Ko‘rsatilgan stavkalar miqdorlari O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona hisoblanadi. Benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkalarining qayta ishlashga berilgan benzin va dizel yoqilg‘isi bo‘yicha miqdorlari benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliqni hisobga olgan holda benzin va dizel yoqilg‘isiga chakana narxlar doirasida shakllantiriladi. Vositachilik shartnomalari bo‘yicha import qilinadigan xom ashyodan qayta ishlashga berish asosida ishlab chiqariladigan benzin va dizel yoqilg‘isi hajmi bo‘yicha benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliqni to‘lovchilar, hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

3. 2018 yil 1 yanvardan boshlab, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imning: Toshkent shahri; Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlar; boshqa shaharlar; boshqa aholi punktlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalari joriy etildi.

4. 2018 yil uchun ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun (alkogolli mahsulotlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar) yig‘im:

alkogolli mahsulotlar, shu jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarning realizatsiya qilinishi uchun yig‘im Toshkent shahrida – oyiga EKIHning 6 baravari miqdorida, Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda – oyiga EKIHning 5 baravari miqdorida, boshqa shaharlarda – oyiga EKIHning 4 baravari miqdorida va boshqa aholi punktlarida – oyiga EKIHning 3 baravari miqdorida belgilandi.

qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun yig‘im Toshkent shahrida – oyiga EKIHning 4 baravari miqdorida, Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda – oyiga EKIHning 3,5 baravari miqdorida, boshqa shaharlarda – oyiga EKIHning 3 baravari miqdorida va boshqa aholi punktlarida – oyiga EKIHning 2 baravari miqdorida belgilandi.

5. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash bo‘yicha pulli xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im miqdori 2017 yil darajasida saqlanib qolindi.

Bunda, Toshkent shahrida yig‘im miqdori bir oyda eng kam ish haqining 5 baravari, viloyat markazlarida – eng kam ish haqining 3 baravari, boshqa aholi punktlarida – eng kam ish haqining 2 baravari miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.

6. Yig‘im stavkasi yil boshiga – 2018 yil 1 yanvar holatiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham qayta ko‘rib chiqilmaydi.

XIII. Davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar bo‘yicha

1. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi va Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar yagona to‘lov turiga – Byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirilganligi munosabati bilan 2018 yil uchun stavkasi 3,2 foiz miqdorida belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qonun hujjatlari bilan oldin berilgan imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga tatbiq etiladi.

2. Respublika yo‘l jamg‘armasi va (yoki) Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lgan korxonalar, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lig‘icha Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish bilan 1,5 foiz stavkada to‘laydilar.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar va ajratmalar stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 22-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

XIV. Ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlar

1. Yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 23-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

2. Mikrofirmalar, kichik korxonalar hamda fermer xo‘jaliklari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi soliq solish bazasiga nisbatan 2017 yil darajasida – 15 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Bunda mazkur toifa korxonalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov summasi quyidagi miqdorlarda taqsimlanadi:

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi

14,8 %

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi

0,1 %

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi

0,1 %

Boshqa to‘lovchilar uchun ham yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 2017 yil darajasida 25 foiz miqdorida saqlanib qolindi. Bunda yagona ijtimoiy to‘lov summasi quyidagi miqdorlarda taqsimlanadi:

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi

24,8 %

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi

0,1 %

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi

0,1 %

3. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning sug‘urta badallari stavkasi 2017 yil darajasida 8 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

XV. Soliq solishning alohida masalalari bo‘yicha.

1. 2018 yil 1 yanvardan boshlab avtomobil transportida yuklarni tashish xizmatlarini ko‘rsatadigan korxonalar uchun, soliq solish tizimidan qat’i nazar ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy ajratmalarning jami summasi bitta transportga hisob-kitob qilinganda ushbu faoliyat turi bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan qat’iy belgilangan soliq summasidan kam bo‘lmasligi nazarda tutildi. Bunda, qo‘shimcha hisoblangan summa yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovini to‘lash hisobiga o‘tkaziladi.

2. Yuridik shaxslar uchun ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solishning amaldagi tartibi saqlab qolindi, unga muvofiq mazkur daromadlar shartnoma bo‘yicha o‘rnatilgan ijara to‘lovi summasidan kelib chiqqan holda, ammo davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari bo‘yicha hisoblab chiqilgan miqdordan kam bo‘lmasligi lozim.

3. Mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 25-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi. Bunda, ijara to‘lovining eng kam stavkalari:

turar joyni ijaraga berishda 1 kv.metr uchun Toshkent shahrida – 4 500 so‘m, Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda – 3 000 so‘m va boshqa aholi punktlarida – 1 500 so‘m;

noturar joylarni ijaraga berishda 1 kv.metr uchun Toshkent shahrida – 9 000 so‘m, Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda – 6 000 so‘m va boshqa aholi punktlarida – 3 000 so‘m;

yengil avtomobillarga (yo‘lovchilar, yuk tashish uchun mo‘ljallangan va o‘rindiqlari soni haydovchini hisobga olmagan holda 8 ta joydan ko‘p bo‘lmagan avtotransport vositasi) 1 avtotransport vositasi uchun – 330 000 so‘m;

mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillariga 1 avtotransport vositasi uchun – 645 000 so‘m ijara to‘lovining eng kam miqdorlaridan iborat.

4. Mobil aloqa xizmati ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lov har oyga 4 000 so‘m miqdorida belgilanib, mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 26-ilovasiga muvofiq taqsimlanadi.

5. Undirishni soliq to‘lovchilarning mol-mulkiga qaratish uchun soliq qarzining eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 27-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Undirishni soliq to‘lovchilarning mol-mulkiga qaratishda soliq qarzining eng kam miqdorlari yil boshida – 2018 yilning 1 yanvarida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va eng kam ish haqi miqdori yil davomida o‘zgarganda ham qayta ko‘rib chiqilmaydi.

XVI. Imtiyozlar bo‘yicha

1. 2023 yilning 1 yanvariga qadar:

O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 60-63-moddalarida ko‘rsatilgan manbalardan qo‘shimcha daromad oladigan byudjet tashkilotlari undiriladigan barcha soliqlar, Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan;

O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ta’lim faoliyati doirasida soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan, shuningdek chet ellik xodimlarining mehnatga haq to‘lash fondi qismidan yagona ijtimoiy to‘lov va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etildi.

2. 2018 yil 1 apreldan boshlab:

mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar, shu jumladan amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha;

eksport qiluvchi korxonalarga eksport ulushiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinmoqda.

XVII. 2018 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 33-ilovasiga asosan 2018 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 iyundagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy byudjet daromadlarini shakllantirishdagi mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida”gi PQ-3042-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilindi:

“ishlatilmagan maqsadli ijtimoiy transfertlar joriy moliya yili yakunida tegishli yuqori turuvchi byudjetga qaytarilishi kerak”;

– Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 4-bandiga kiritilgan o‘zgartirishlar, foydalanish muddati bir yildan oshmagan avtomobillar bo‘yicha davlat bojini to‘lashning alohida tartibi bekor qilinishini hamda ular uchun foydalanish muddati uch yilgacha bo‘lgan avtomobillar uchun nazarda tutilgan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarga har bir ot kuchi uchun eng kam ish haqining 10 foizi va xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarga har bir ot kuchi uchun eng kam ish haqining 30 foizi miqdorida davlat bojini to‘lash qoidalarini belgilashni nazarda tutadi;

– jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan daromadlardan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan badal miqdori 1 foizdan 2 foizga o‘zgarganligi munosabati bilan:

a) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 21 dekabrdagi “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 595-sonli qarori 2-bandining ikkinchi xatboshisiga;

b) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 avgustdagi 631-son qarori bilan tasdiqlangan Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi to‘g‘risida”gi Nizomning 32-bandiga o‘zgartirishlar kiritildi.
 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.

Share

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*